Koreyaga ilk bor 2017-yil bakalavr 4-kurs «3+1 exchange program» uchun keldim. Mana, 9 yildan so‘ng doimiy yashash huquqini beruvchi F-5 visasiga ega bo‘ldim.

Inchxon immigratsiya idorasi oldida qo‘lda ushlab turilgan F-5 (영주증) karta

Visa yo‘lim qisqacha

VisaMuddat
D-2-22017.06 – 2017.12
D-2-32018.09 – 2020.08
D-2-42020.09 – 2024.02
E-7-12024.03 – 2025.10
F-2-72025.11 – 2026.05
F-5-152026.06 – hozirgacha

Har bir bosqich haqida bittalab to‘xtalib o‘tirmasdan, birdan menga muammo yaratgan vaziyatlar va ularni qanday bartaraf qilganim haqida aytib o‘taman.

Muammolar va yechimlar

1. Koreys tilini bilmasligim

Point sistemasi bilan tanish insonlar yaxshi biladiki, visa almashtirishda KIIP yoki TOPIK sertifikatlari ancha muhim hisoblanadi. Menda esa bularning eng quyi darajasi ham yo‘q. Shunday bo‘lsa ham F-2 hamda F-5 olishda yetarli talablarga javob bera oldim. Buning sababi esa oddiy — PhD darajasi borligi.

2. D-2 visa vaqtida immigratsiya qonunlarini buzib, 1,4 mln KRW jarima to‘laganim

Bu, ayniqsa, F-2-7 visa olganimda bilingan edi. Xodim shundoq ko‘z oldimda −20 ball hisoblaganda «tamom, E-7 da qolarkanman» degandim. Lekin oylik miqdori va top 1% universitetni tamomlaganim hisobiga umumiy ball 85 bo‘lgan va 2 yilga F-2-7 visasi berilgandi.

F-5 uchun esa bu masala birgina 준법시민교육 (qonunga itoatkor fuqaro ta’limi) bilan hal bo‘ldi.

3. Yillik daromad uchun GNI talabi borligi

Bu aslida asosiy muammolardan biri bo‘lmagan, sababi ish joyimdagi shartnoma summasi yetarli edi. Shunchaki men joriy (2024) yilgi emas, balki kelgusi (2025), hali e’lon qilinmagan GNI hisobini olishim kerak edi.

2023 dan 2024 ga bo‘lgan o‘sish qanday bo‘lgani va dollar kursi oshib borayotganini hisobga olib, kamida 5 mln KRW ko‘proq zahira qilib qo‘yish ziyon qilmas edi. Men bu masalani ish joyimdan dekabr oyiga qo‘shimcha «bonus» yozib berishlarini so‘rab hal qildim. Albatta, bularning hammasi haqqoniy amalga oshirildi, shunchaki qog‘ozda emas.

Eng quvonarlisi

Meni quvontirgan natija aslida F-5 olganim emasdi. Sababi, bu uzoq yillik reja va qachon olinishi shunchaki vaqt masalasi edi.

Meni quvontirgani esa mening arizam atigi 21 kun ichida tasdiqlangani bo‘ldi. Axir hujjat topshirganimda xodimning o‘zi «6 oydan 1 yilgacha kutasiz» degan edi-da. Nega tez tasdiqlandi, bila olmadim. Shunchaki xursand bo‘lib qo‘yaverdim…